Aktrisa Yayra Abdullayeva vafot etdi

Madaniyat-san’at

image

Bugun, 14 may kuni taniqli aktrisa Yayra Abdullayeva 88 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.

O‘zbekiston xalq artisti Yayra Abdullayeva shifoxonada olamdan ko‘z yumdi. U joriy yil 14 avgust kuni 89 yoshni qarshilagan bo‘lardi. Yayra Abdullayeva bir qancha rollari bilan tanilgan aktrisa Maryam Yoqubovaning jiyani bo‘lgan.

Taniqli o‘zbek aktrisasi Yayra Abdullayeva 1930 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Ijodiy faoliyatini 1944—1945 yillarda Gavhar Rahimova rahbarligidagi xotin-qizlar ansamblida boshlab, 1950 yilda A.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan. 

1950 yildan Hamza nomidagi O‘zbek Davlat (hozirgi O‘zbek Milliy) akademik drama teatrida ishlab, Gulnor (“Qutlug‘ qon”), Gulbahor (“Boy ila xizmatchi”), Qorasoch (“Yulduzlar jamoli”), Eleyn (“Qonli sarob”), Katerina (“Momaqaldiroq”), Milfordxonim (“Makr va muhabbat”), Xemnolini, Kamola, Xemenkori (“Gang daryosining qizi”), Maryam (“Jazoir – mening Vatanim”) kabi o‘nlab rangbarang obrazlarni yaratdi. 

Kelishgan qaddi-qomat, go‘zal tashqi qiyofa va yoqimli ovozga ega bo‘lgan Yayra Abdullayeva o‘z ijodida yuz ifodasi, imo-ishora, kinoya, piching va boshqa tasviriy vositalardan mohirona foydalana olgan san’atkordir. Iste’dodli aktrisa tomonidan yaratilgan Persiya (“Yuliy Sezar”), Antigona (“Antigona”), Anita (“G‘ariblar”), Nodirabegim (shu nomli asar), Mamayeva (“Har to‘kisda bir ayb”), Gavharshodbegim (“Mirzo Ulug‘bek”), Siyonxonim (“Jonimni ol, jonginam”) va boshqa yetuk obrazlar faqat Yayra Abdullayeva ijodidagina emas, balki o‘zbek teatr san’ati tarixida ham o‘ziga xos o‘rin egalladi.

Yayra Abdullayeva “Boy ila xizmatchi” filmidagi Gulbahor roli bilan 1953 yildan boshlab o‘zbek kino san’atida o‘z faoliyatini boshladi, birin-ketin “Opa singil Rahmonovalar” (1954), “Stadionda uchrashamiz” (1956), “Hamza” (1960), “Vijdon amri bilan” (1967) kabi filmlarda suratga tudi. U kinoda yaratgan Gulbahor, Dildor, Ra’no, Saodat va boshqa obrazlar yorqinligi, jozibasi bilan alohida diqqatga sazovordir. Bu obrazlar talqinida ham aktrisa ijodining o‘ziga hos muhim individual qirralari yarq etib ko‘zga tashlanib turadi.

San’atkor o‘zbek kino va teatr san’atida o‘z o‘rniga, o‘z ovoziga ega bo‘lgan diapozoni keng, qiziqish doirasi katta, ma’naviy jihatdan teran, tinib-tinchimas, yetuk aktrisadir. U bir necha o‘n yillardan beri O‘zbekiston televideniyesida ham faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 1960 yilda yaratilgan birinchi o‘zbek telefilmi "Azizaxon" dagi bosh rol, “Zaynab va Omon” (1957), “Yettinchi qadah” (1977) telespektallaridagi Zaynab, Xonim obrazlari keng san’at muxlislariga manzur bo‘ldi. Yayra Abdullayeva 50-yillardan beri respublika radiosida qatnashib “Teatr mikrofon oldida”, “Bir aktyor teatri” nomli eshittirishlarda faol ishtirok etdi.

Evripidning “Medeya”, Sh.R.Rashidovning “Kashmir qo‘shig‘i”, “Qudratli to‘lqin”, A.S.Pushkinning “Dubrovskiy” asarlari asosida tayyorlangan radiospektakllarda Medeya, Bahor, Mariya obrazlarini katta mahorat bilan ijro etdi. Ibsenning “Nora” asari asosida tayyorlangan radiospektaklda u ham postanovkachi rejissyor, ham aktyor sifatida qatnashdi.

Yayra Abdullayevaning sermazmun va serqirra ijodiy faoliyati yuksak takdirlandi. 1964 yilda aktrisaga “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvoni berildi. V.Shekspirning “Qirol Lir” tragediyasida yaratgan Regina obrazi uchun 1967 yilda Respublika Davlat mukofotaga sazovor bo‘ldi.

Yayra Abdullayeva 1998 yilda “Do‘stlik” ordeni, 2011 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.

QALAMPIR.UZ tahririyati marhumaning oila a’zolari, yaqinlari va do‘stlariga hamdardlik bildiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Yayra Abdullaeva

Baholaganlar

264

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar