Yangi tuzilayotgan Yoshlar ishlari agentligidan nima kutmaslik kerak? So‘z Alisher Sa’dullayevga

Jamiyat

Joriy yilning 28 fevral kuni Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Yoshlar ittifoqi raisi, eng yosh senator Alisher Sa’dullayev QALAMPIR.UZ muxbirining savollariga javob berdi. Sa’dullayevga ko‘ra, yangi tuzilayotgan Yoshlar ishlari agentligi ko‘zbo‘yamachilikdan qochadigan, yoshlar siyosatini yuritadigan real tashkilotga aylanadi.

“Yangi tuzilayotgan Yoshlar ishlari agentligi ko‘proq siyosatni yuritadigan tashkilotga aylanishni maqsad qilgan. Butun O‘zbekistonda yoshlar soni ko‘p. Ularni bir tashkilotga biriktirish ilojsiz. Lekin qonunga ko‘ra, har bir tashkilot rahbari, mas’ullar yoshlarga oid davlat siyosatini yuritish majburiyatini zimmasiga oladi. Tuzilayotgan agentlikning maqsadi mana shu tizimni samarali ishlashini yo‘lga qo‘yish hisoblanadi. Agar hozir yana biz hammani qamrab olamiz, hammani bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtiramiz, hamma biznesmen bo‘ladi, desak bu ko‘zbo‘yamachilik yoki yolg‘on bo‘ladi. Unday ishni qila olmaymiz”, deydi senator Sa’dulllayev.

U shuningdek, yangi agentlikda tashkil etiladigan, chuqur tahlillarni amalga oshiradigan “Think tank” (ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, harbiy, madaniy, texnologik va boshqa sohalarda chuqur tahlillar bilan shug‘ullanadiganlar) markazlarining faoliyati haqida gapirib o‘tdi.

“Hozirgi kunda bilim olish uchun yoshlarimizning ko‘pchiligida oliy ta’lim muassasalari bo‘yicha takliflari, noroziliklari, fikrlari bor. Nima qilish kerak? Bularni chuqur o‘rganib, tegishli vazirlikka yetkazib berish kerak. Inglizlar bunday tahlilchilarni “Think tank” (ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, harbiy, madaniy, texnologik va boshqa sohalarda chuqur tahlillar bilan shug‘ullanadiganlar) deb nomlaydi. Ochiq aytsak, bizda mana shunday chuqur tahlil qilib yoshlarning manfaatini himoya qila oladigan mutaxassislar yetarli emas. Agentlikning eng asosiy maqsadlaridan biri mana shunday “Think tank” tashkilotlar tuza olish hisoblanadi. Biror bir tashabbus bo‘lsa, yoppasiga qilib ketish kerak emas. Uni yaxshilab tahlil qilish lozim.

Bizga o‘zini-o‘zi band qiladigan “freelancer” degan tizim kirib kelmoqda. Respublikada yiliga 500-600 ming yangi ish kuchi paydo bo‘lmoqda. Ularni qanday band qilamiz? Ularga yangi zamon, yangi sharoit yaratishimiz kerak. Oxirgi vaqtlar O‘zbekistonda internet tezligi muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Yangi ish o‘rinlari yaratish uchun bizga “freelancer”lar, grafik dizaynerlar yoki IT texnologiyalarini yaxshi tushunadigan dasturchilar kerak. Ularga nima kerak? Ularga yaxshi bir kompyuter va tezkor internet bo‘lsa, ular o‘z ishini topib ketadi. Ularning muammosini yig‘ib, kerakli joyga olib chiqib bera oladigan tashkilot bo‘lishi kerak”, deydi Yoshlar ittifoqi raisi.

Alisher Sa’dullayevga ko‘ra, “agentlikda o‘zining tashabbusi bilan yangi loyiha qilaman deb kelgan yoshlarga grant, moliyaviy ko‘mak bera olish imkoniyati ham paydo bo‘ladi. Hozirda mutaxassislar bu vazifalar ustida ishlamoqda. Ularning bo‘limlari qanday ochiladi, ular qanday vazifalar bilan shug‘ullanadi degan savollar chuqur tahlil qilinmoqda. Yangi ish o‘rni ochib, davlatning byudjetini samarasiz sarflash juda oson. Ochilgan shtatlar qanday faoliyat bilan band bo‘ladi? 300 ming aholiga ega tumanda ham shtatda 3 kishi o‘tiradi, 10 ming kishilik tumanda ham 3 kishi o‘tiradi degan narsa ham to‘g‘ri kelmaydi. Ularning KPI – key performance indicator (asosiy ishlash ko‘rsatkichi) qanday bo‘ladi, samaradorligi qanaqa bo‘ladi, chuqur tahlil qilib oxirgi ko‘rinishi taqdim qilinishi rejalashtirilgan”.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning 27 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Yoshlar ittifoqi negizida Yoshlar ishlari agentligini tashkil etish haqida so‘zlagandi. 2020 yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili bo‘lishini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Senat Oliy Majlis Yoshlar ittifoqi Alisher Sa'dullaev

Baholaganlar

71

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made