Tariximizda birinchi marta bunday shahar qurayapmiz – Prezident Yangi Toshkent bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi 

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Shavkat Mirziyoyev kecha, 5 sentyabr kuni Yangi Toshkent shahrining Bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 


Aytilishicha, bugungi kunda Toshkent shahrida yashayotgan va ishlayotgan aholi soni qariyb 5 million nafarni tashkil qilmoqda. Ko‘plab uy-joylar, muassasalar barpo etilib, infratuzilma tarmoqlariga yuklama ortmoqda. Shunga qaramay, yana yiliga 20 ming xonadonli uylar, 40 dan ortiq maktab, bog‘cha, poliklinika qurishga talab bor. Urbanizatsiya sur’atidan kelib chiqilsa, yaqin yillarda aholi soni yanada ko‘payadi.

Davlat rahbari bu masalani e’tiborga olib, Toshkentni rivojlantirish rejalarini 15-20 yil oldindan belgilash vazifasini qo‘ygan edi. Shundan kelib chiqib, shahardan tashqarida, zamonaviy arxitektura yutuqlari asosida yangi markaz qurilyapti.


 
Ushbu ulkan loyiha uchun Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 720 gektar yer tanlab olingan. Birinchi bosqichda 2,5 ming gektarda 100 ming aholi uchun uy-joylar va infratuzilma ob’ektlari qurish rejalashtirilgan. Direksiya tomonidan yetakchi xorijiy kompaniyalar jalb etilib, rivojlangan mamlakatlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan amaliyotlar asosida Bosh reja, tarmoq rejalari va manzilli dasturlar ishlab chiqilmoqda.

“ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasida Bosh reja loyihasi taqdimoti o‘tkazildi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari – “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” direktori hududni infratuzilma bilan ta’minlash, yo‘l va ko‘priklar qurish masalalari, muhandislik, shaharsozlik va arxitektura yechimlari bo‘yicha axborot berdi.

Yangi Toshkent “aqlli” va “bog‘ shahar” bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Ma’muriy markazda davlat idoralari, Yangi O‘zbekiston universiteti, kutubxona, tarix muzeyi, madaniyat saroylari joylashadi. Shuningdek, shaharda ishbilarmonlik va innovatsiya tumanlari, ta’lim, tibbiyot va turizm klasterlari bo‘ladi. 420 gektar maydonda markaziy bog‘, mavzelar orasida sun’iy kanal va ko‘llar, Chirchiq va Qorasuv daryolari bo‘yida sayilgohlar tashkil qilinib, odamlarning dam olishi uchun so‘lim sharoitlar yaratiladi. “Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi shu joydan boshlanadi.

Bu komponentlar loyihasi Singapur, Angliya, Xitoy, Germaniya, Turkiya, Niderlandiya, Janubiy Koreya, BAA kabi davlatlarning 20 ta ilg‘or kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilmoqda. Davlatimiz rahbari infratuzilma tarmoqlarini ilg‘or standartlar bilan uyg‘unlashtirish zarurligini ta’kidladi.
“O‘ttiz ikki yillik mustaqil tariximizda birinchi marta bunday shahar qurayapmiz, bunga dunyodagi ilg‘or kompaniyalarni jalb qilayapmiz. Lekin bizdagi sohalar, standartlar shunga mosmi?” deya savol qo‘ygan Shavkat Mirziyoyev ushbu loyiha bilan tanishish jarayonida. 

Prezident qurilish, energetika, kommunal, ekologiya, irrigatsiya, transport kabi hamma tegishli sohalardagi qonunlarni, standartlarni jahonning eng yuqori talablariga muvofiq takomillashtirish zarurligini aytib o‘tgan. 

Prezident Bosh reja asosida yil yakuniga qadar batafsil loyihalash ishlarini yakunlash, birinchi bosqich inshootlari bo‘yicha loyihachi va quruvchi korxonalarni aniqlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

“Nima uchun bu loyihani shoshmasdan, qayta-qayta ko‘ryapmiz? Bu shahar yuz yillab xalqqa xizmat qilishi kerak. Odamlar birinchi o‘rinda bo‘lishi, kelajakdagi qurilishlar ham inobatga olinishi zarur. Birinchi bosqich mukammal qurilsa, maktab bo‘ladi” dedi davlat rahbari.
Bo‘lajak binolar va infratuzilma ekspluatatsiyasini hozirdan o‘ylash, bu bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.

Akobir Sayidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Prezident Yangi Toshkent matbuot xizmati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing