Qozog‘istonda qotillikda ayblanayotgan sobiq vazir so‘nggi so‘zini aytdi

Olam

image

Qozog‘istonda rafiqasini o‘ldirishda ayblanayotgan sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev sudda so‘nggi so‘zini aytdi. Bu haqda "Inbusiness" nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, sud jarayonida Kuandik Bishimbayev hakamlar hay’ati va sudyaga murojaat qilib, so‘nggi so‘zni o‘qib bergan. U o‘ziga qo‘yilgan ayblar jiddiyligini va o‘zi duch kelgan vaziyat og‘irligini tan olgan.

“Agar siz oliy prinsipga – Xudoga ishonsangiz, masalan, men ishonaman, demak, biz xohlaymizmi yoki yo‘qmi, tushunishni istaymizmi yoki aksinchami, U bizni sinab ko‘radi. Biz har kuni Yaratganning imtihonidan o‘tamiz. Bu oxiratimizni hal qiluvchi sinov. Aytishim kerakki, o‘sha kuni – 8 noyabrdan 9 noyabrga o‘tar kechasi men bu sinovdan o‘ta olmadim”, degan ayblanuvchi.

Kuandik Bishimbayev o‘z qilmishi xotini Saltanatning o‘limiga sabab bo‘lgani va uning oilasiga iztirob olib kelganidan chuqur afsusdaligini bildirgan. U hech kimga, jumladan xotiniga ham o‘lim tilamasligini qo‘shimcha qilgan.

“Men bunday bo‘ladi deb o‘ylamagandim. Hurmatli sudyalar, men aybdorman, lekin qasddan qotillik sodir etmaganman. Hibsga olinganimning birinchi daqiqasidanoq men o‘sha kun haqida faqat haqiqatni aytgandim. Men ko‘p imkoniyatga ega bo‘lishimga qaramay, yashirinishga va javobgarlikdan qochishga harakat qilmadim. Saltanatning o‘limi beixtiyor yuz bergan. Birinchi va ikkinchi tekshiruvlar, ularning barchasi o‘limga boshdagi qon tomiri yorilishi – gematoma sabab bo‘lganligini ko‘rsatdi. Barcha organlar, suyaklar va bosh suyagi buzilmagan”, deya ta’kidlagan Qozog‘iston Respublikasi sobiq milliy iqtisodiyot vaziri.

U fojia tufayli hayoti izdan chiqqan ota-onasi, oilasi va do‘stlaridan uzr so‘rab, sodir bo‘lgan voqea uchun boshqa hech kim javobgarlikka tortilmasligi kerakligini aytib o‘tgan. Shu bilan birga, u sud tomonidan tayinlagan har qanday jazoga tayyorligini ham bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning noyabr oyida bir qator qozoq mahalliy OAVlarida Ostona shahridagi restoranlardan birida Saltanat Nukenova ismli ayol kaltaklanib, tez yordam kelguniga qadar vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinchalik ayol sobiq vazir Kuandik Bishimbayevning rafiqasi bo‘lgani va uni Bishimbayev o‘ldirgani aytildi. 

Mutaxassislar marhuma Nukenovaning tanasida pichoq jarohatlari izini topmagan. Taxminlarga ko‘ra, u boshiga to‘mtoq jism bilan berilgan kuchli zarbadan halok bo‘lgan.

Hozirda Kuandik Bishimbayev ikki moddada ayblanmoqda:

  • Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 99-moddasi, 5-band, 2-qism ("O‘ta shafqatsizlik bilan qotillik");
  • Jinoyat kodeksining 110-moddasi, 1-band, 2-qism (“Qiynash”).

Uning qarindoshi, “Gastromarkaz” direktori Baxitjan Bayjanovga ham ikkita ayblov qo‘yilgan:

  • Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 432-moddasi (“Yashirish”);
  • Jinoyat kodeksining 434-moddasi ("Jinoyat haqida xabar bermaslik").

Ma’lumot uchun, 43 yoshli Kuandik Bishimbayev turli vaqtlarda Prezident yordamchisi, Sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari, Savdo va iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari, “Samruk-Kazina” jamg‘armasi raisi o‘rinbosari, “Bayterek” xoldingi boshqaruvi raisi bo‘lgan.

2016 yilning mayidan dekabrigacha Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vaziri bo‘lgan. 2017 yilning yanvarida u o‘g‘rilikda ayblanib hibsga olingan, 2018 yil mart oyida esa 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Keyinchalik uning jazo muddati ikki baravarga qisqartirilgan va 2019 yilning oktyabrida Bishimbayev ozodlikka chiqqan.


Maqola muallifi

Teglar

Kuandik Bishimbaev Saltanat Nukenova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made