Uylanayotgan Jalolov, akademiya ochayotgan Shomurodov va qamoqda qolayotgan sport homiysi

Sport

Jahon sporti yulduzlarini to‘yiga taklif qilgan Bahodir Jalolov, ochiqda emasligi aniq bo‘lgan Humoyun To‘xtamurodov, dunyo futbolida o‘z o‘rnini topib borayotgan Abbosbek Fayzullayev bugun diqqat markazimizda. Assalomu alaykum. QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.

Bahodir Jalolov Maxachev va Makgregorni to‘yiga taklif qildi

Joriy yilning 9 dekabr kunida BAAning Dubay shahrida Xalqaro boks assotsiatsiyasining (IBA) turniri bo‘lib o‘tdi. Turnir doirasidagi tadbirlarga O‘zbekiston delegatsiyasi ham taklif qilindi.

O‘zbekistonlik professional bokschi Bahodir Jalolov ham IBA tadbirlarida ishtirok etdi va mashhur UFC jangchilari rossiyalik Islom Maxachev va irlandiyalik Konor Makgregor bilan ko‘rishib, ularni shu oyda bo‘lib o‘tadigan to‘yiga taklif qildi.

Turnir doirasida esa o‘zbekistonlik yana bir bokschi, shu yili Toshkentda o‘tkazilgan Jahon chempionati kumush medali sovrindori Saidjamshid Jafarov ringga ko‘tarildi. Yaponiyalik Okazavaga qarshi jang qilgan O‘zbekiston vakili ochkolar hisobiga ko‘ra, g‘alabaga erishdi.

Yana bir o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi Hasanboy Do‘smatov esa ispaniyalik Samuel Karmonaga qarshi face-to-face'da ishtirok etdi. Sterdaun Konor Makgregor ishtirokida o‘tkazildi. Shunday qilib, Do‘smatov 2024 yil 13 yanvar kuni Karmona bilan jang qiladi. G‘olib bokschi IBA kamariga ega bo‘ladi.

“O‘zga sayyoralik”lar yana to‘qnashadigan bo‘ldi

“Inter Mayami” futbol klubi Saudiya Arabistonida mavsumoldi o‘yinlarini o‘tkazishini e’lon qildi.
Jamoa u yerda ikkita o‘yin o‘tkazadi. 29 yanvar kuni “Inter Mayami” “Al-Hilol” bilan, 1 fevral kuni esa “Al-Nasr” bilan bahs olib boradi.

E’tiborlisi, 1 fevral kuni Florida klubida to‘p surayotgan argentinalik hujumchi Lionel Messi “Al-Nasr” sharafini himoya qilayotgan portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu bilan uchrashishi mumkin.

Messi 2023 yilning yozidan buyon “Inter Mayami”da o‘ynamoqda. Uning klub bilan shartnomasi 2025 yilgacha mo‘ljallangan.

Ronaldu esa 2023 yilning 1 yanvaridan buyon “Al-Nasr” futbolchisi hisoblanadi. Portugaliyalikning klub bilan shartnomasi 2025 yilga qadar tuzilgan.

Ronaldu va Messi mavzusidan uzoqlashmaymiz. “O‘zga sayyoralik” deb ta’rif beriladigan ikki futbolchi ham 2023 yilda Googleda eng ko‘p qidirilgan 10 ta sportchi qatoriga kiritilmadi. 

Google qidiruv tizimida so‘rovlar bo‘yicha birinchi o‘rinni NFL (Amerika futboli) “Baffalo Bills” jamoasi yarim himoyachisi Damar Xemlin egalladi. 2-o‘rinni PSJ hujumchisi Kilian Mbappe band etdi. Kuchli uchlikni “Kanzas Siti Chifs” (NFL) a’zosi Trevis Kelsi yakunlab berdi. Futbolchilar orasida “Bavariya” va Angliya terma jamoasi hujumchisi Harri Keyn 5-o‘rinni egallagan. “Memfis” klubi basketbolchisi Ja Morant esa 4-o‘ringa joylashdi.

Turkiyada futbol o‘yinidan so‘ng hakam kaltaklandi

Turkiya chempionati 15-turidan o‘rin olgan “Rizespor”ga qarshi bahs (1:1) yakunida “Anqaraguju” prezidenti Faruk Koja maydonga yugurib chiqib, hakam Halil Melerning yuziga musht tushirdi. Hakam yiqilgach, yana ikki kishi uni tepkiladi.

Gap shundaki, Bosh hakam Halil Meler birinchi bo‘limda mezbonlarning bitta golini hisobga olmagan va 50-daqiqada hujumchi Ali Souga qizil kartochka ko‘rsatgan. Melerga birinchi yordam ko‘rsatilgan va u shifoxonaga olib ketilgan. 

Holat Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anni ham befarq qoldirmadi va davlat rahbari holatga munosabat bildirdi.

“Men bu voqeani qoralayman. Hakamning tezroq tuzalib ketishini tilab qolaman. Sport – bu tinchlik va birodarlik. Sport zo‘ravonlikka qarshi bo‘lishi kerak. Turk sportida zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaymiz”, deydi Prezident.

Keyinroq “Anqaraguju” prezidenti Faruk Koja Turkiya futbol assotsiatsiyasi tomonidan umrbod diskvalifikasiya qilindi. 

Kojaga 5 yilga huquqlardan mahrum qilish, jazo muddati 3 yildan ortiqligi tufayli esa huquqlardan doimiy mahrum qilish jazosi berilgan. Yuz bergan holat uchun Anqaraguju klubi 200 ming yevro atrofida jarima to‘lashi kerak va klubning keyingi beshta uy uchrashuviga tomoshabinlar kiritilmaydi. 

Qayd etilishicha, klubning boshqa mutasaddilariga jarima va ogohlantirish jazolari qo‘llanilgan. Koja besh yillik taqiq oldi. Assotsiatsiya qoidalariga ko‘ra, uch yildan ortiq o‘yinda qatnashishni taqiqlash doimiy bo‘lib qoladi.

12 dekabr kuni kechqurun Koja iste’foga chiqdi.

Voqea tufayli liganing barcha o‘yinlari 19 dekabrga qadar to‘xtatiladi. Bu voqea Turkiyadan tashqarida ham norozilik uyg‘otdi. Sobiq italiyalik mashhur hakam Perluidji Kollina va FIFA prezidenti Janni Infantino holatni keskin qoraladi.

Fayzullayev va Bellingem dunyoning eng zo‘r yosh o‘yinchisi sovriniga da’vogarlik qilmoqda

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Rossiyaning SSKA klubi a’zosi Abbosbek Fayzullayev Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasining (IFFHS)  “2023 yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” sovriniga nomzodlar ro‘yxatidan joy oldi.

Sovringa da’vogarlarning umumiy ro‘yxatida “Real” a’zosi Jud Bellingem, “Barselona” futbolchisi Gavi, “Bavariya” hujumkor yarim himoyachisi Jamol Musiala va boshqa bir qator top futbolchilarni ko‘rish mumkin. Ro‘yxatdan jami 26 nafar futbolchi o‘rin olgan.

Sovrin IFFHS'ga a’zo bo‘lgan 120 ta mamlakatning futbol ekspertlari ovoziga ko‘ra o‘z egasini topadi.
Shuningdek, 13 dekabr kuni Abbosbek Fayzullayevning transfer narxi oshdi. Bu haqda “Transfermarkt” xabar berdi.

Portalda Fayzullayevning qiymati 2 million yevroga oshganini ko‘rish mumkin. Hozirga kelib 20 yoshli futbolchining narxi 4 million yevroni tashkil etmoqda.

Shunday qilib, Fayzullayev 20 yoshgacha bo‘lgan eng qimmat osiyolik futbolchilar reytingida yana 1-o‘ringa chiqib oldi. Osiyoning 20 yoshgacha bo‘lgan eng qimmat futbolchilari reytingida 2 million yevro qiymat bilan avstraliyalik Alessandro Chirkati 2-o‘rinni band etgan bo‘lsa, 1 million yevroga baholanayotgan iroqlik Zidan Iqbol 3-o‘rinda qayd etildi.

Fayzullayevga oid xushxabarlar seriyasini davom ettiramiz. Moskva jamoasi safida ketma-ket uchinchi marta oyning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga da’vogar bo‘ldi.

Bungacha sentyabr va oktyabr oylarida «armiyachilar»ning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan 20 yoshli Fayzullayevdan tashqari sovringa Villian Rosha, Ivan Oblyakov, Kellven, Chalov va Zabolotniy kabi futbolchilar nomzodlik qilmoqda.

Ovoz berish jarayonlari SSKAning rasmiy sahifasida amalga oshirilmoqda. Hozirda Fayzullayev 80 foiz ovoz to‘plab, bu borada yaqqol ustunlikka ega bo‘lib turibdi. G‘olib futbolchi 17 dekabr kuni e’lon qilinadi.
Fayzullayev joriy mavsum Moskva klubi safida umumiy 18 ta o‘yinda qatnashib, 2 ta gol urdi va 9 ta golli uzatmani amalga oshirdi. 

“Almashtirib bo‘lmaydigan odamlar yo‘q”. Toshxo‘jayev “Salimboyvachcha” va “G‘ofurboy” haqida gapirdi

12-dekabr kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi (MOQ) raisi o‘rinbosari, Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi, O‘zbekiston yaxshigina sport homiysi sifatida tanilgan Salim Abduvaliyevning qo‘lga olinganiga munosabat bildirdi.

“Sportni moliyalashtirish bilan bog‘liq ishlar nima bo‘lishi haqida bir narsa deyolmayman. Bir narsani aytishim mumkin, bizning Prezident bilan bu ishlar muammo bo‘lmaydi. Oddiy qilib aytganda topilmas, almashtirib bo‘lmaydigan odamlar yo‘q. Shu uchun moliyalashtiradiganlar topiladi”, deydi IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.

Toshxo‘jayevga ko‘ra, Abduvaliyevning uyida tintuv o‘tkazilgan. Abduvaliyev uyida noqonuniy qurol saqlashi haqidagi ma’lumotlar anchadan buyon o‘rganilib kelingan.

“Salim Abduvaliyev uyida noqonuniy ravishda qurol saqlaganini bilgandan keyin uning uyida tintuv o‘tkazdik. Agar bu ma’lumot bizga kelib tushmaganida bormagan bo‘lar edik. Bu ma’lumot ham oylab, yillab o‘rganilgan”, deydi Toshxo‘jayev.

Shuningdek, IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari O‘zbekiston Professional boks federatsiyasi vitse-prezidenti G‘ofur Rahimovning qidiruvga berilgani haqidagi xabarlarga ham izoh berdi.

“Bugungi kunda G‘ofur Rahimov haqida hech qanday murojaat kelib tushmagan va u bilan bog‘liq hech qanday tergov harakatlari olib borilmayapti. Agar Rahimov bilan bog‘liq qandaydir ma’lumot bo‘lsa murojaat qilishingiz mumkin”, deya qo‘shimcha qildi Doniyor Toshxo‘jayev

Humoyun To‘xtamurodov ochiqda emas – Farg‘ona viloyati IIB

Joriy yilning 27 noyabr sanasida Respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Dolzarb 40 kunlik” tezkor tadbirlari doirasida MMA jangchisi Humoyun To‘xtamurodov Qo‘qon shahrida ikki nafar shaxslarga tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringani va  voqea ortidan sportchi huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan ushlangani xabar qilingandi.

To‘xtamurodovga Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi bilan 3 oylik qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda sportchining ochiqda yurganligi haqidagi mish-mishlar rad etildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati IIB Axborot xizmati ma’lum qildi.

“Bu yerdagi har bir daqiqamda o‘zim uchun tegishli xulosalarni chiqaryapman. Bundan keyin salbiy holatlar qaytarilmaydi”, deydi sportchi. 

Shuningdek, Farg‘ona viloyati IIB tomonidan yolg‘on xabarlarga ishonmaslik so‘raldi.

“Fuqarolarimizdan ijtimoiy tarmoqlardagi har xil xabarlarga ishonib, aldanib qolmaslikni so‘rab qolamiz, deyiladi Farg‘ona viloyati IIB Axborot xizmati xabarida.

O‘zbekistonda Eldor Shomurodov futbol akademiyasi ochiladi

Surxondaryo viloyatida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va Italiyaning “Kalyari” klubi a’zosi Eldor Shomurodov futbol akademiyasi tashkil etiladi. 

13 dekabr kuni viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz tumanida joylashgan futbol akademiya negizida Eldor Shomurodov futbol akademiyasini qurish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha bilan tanishgan.

Qurilish ishlari 2024 yil yanvar oyidan boshlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, akademiya 154 o‘ringa mo‘ljallangan. Loyihada yopiq va ochiq stadionlar, yotoqxona, oshxona hamda boshqa yordamchi binolar bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, 28 yoshli Eldor Shomurodov Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. U futbolga ilk katta qadamlarini Qashqadaryoning “Mash’al” klubida tashlagan.
Nodirbek Abdusattorov nufuzli turnirda 3-o‘rinni egalladi

Kanadaning Toronto shahri mezbonlik qilgan shaxmat bo‘yicha Champions Chess tour-2023 turniri o‘zining yakuniy pallasiga kirdi. Musobaqaning yarim finalida o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov amerikalik Uesli So bilan to‘qnash kelib, imkoniyatni boy berdi.

Yarim finalning 1-setida raqibidan 2,5:1,5 hisobida ustun kelgan O‘zbekiston vakili 2-setda xuddi shunday hisobda mag‘lubiyatga uchradi.

3-setda dastlabki 2 ta partiya durang bilan yakunlangach, tomonlar tay-brekda g‘olib nomiga oydinlik kiritadigan bo‘ldi. Qora donalarda raqibidan 5,5 daqiqa kamroq vaqt bilan o‘ynagan Abdusattorov yaxshi pozitsiyada bo‘lishiga qaramay, yakunda bitta xato yurish natijasida raqibiga ustunlikni berib qo‘yib, musobaqadagi yurishini to‘xtatdi.
Ikkinchi yarim finalda norvegiyalik Magnus Karlsen AQSH vakili Fabiano Karuanani mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi.

Shunday qilib, o‘zbekistonlik shaxmat ustasi turnirda 3-o‘rinni qo‘lga kiritib, 50 ming AQSH dollari pul mukofotiga ega chiqdi.

Bu QALAMPIR.UZ'da ortda qolayotgan hafta sportiga doir eng muhim xabarlar edi. Voqealar rivojini sahifalarimizda kuzatib boring.


Maqola muallifi

Teglar

sport

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made