Putinga qo‘yilgan tuzoq, gruzinlarning qahriga uchragan Lola, o‘ldirilgan millioner o‘g‘ri, Putinning 8,5 yilga qamalgan dushmani – Hafta tahlili

Tahlil

QALAMPIR’ga o‘g‘ri tushdi. O‘g‘ri bo‘lganda ham 10-11 yashar atrofidagi go‘dak. Ochiq qolgan eshikdan ofisimizga emin-erkin, bolalarcha beg‘uborlik va mo‘laygan ko‘zlari bilan kirgan bolaning qaysidir xodimning bolasi bo‘lsa kerak deb parvo qilmabmiz. U kirdi-yu xodimimizning qarovsiz qolgan sumkasini olib, hojatxonaga yashirindi. O‘sha fursatda esa sumkadan plastik kartalarni saralab, ular orasidan aynan Humo kartasini olib, yana mo‘laygan ko‘zlari bilan binoni tark etdi. Kallani ishlashini qarang, Humo kartasidan parolni termasdan 50 ming so‘mgacha va bir necha bor pul yechib olish mumkin. Ammo QALAMPIR’dagilar ham anoyi emas. Kartada bor-yo‘g‘i besh ming so‘m bor edi. Ha, o‘g‘irlik qilibsan, oyning sanasiga qaramaysanmi, bola paqir? Axir QALAMPIR’da maoshlar oyning 10 sanasida beriladi-ku. Nega gapni bundan boshladik. Mana shu holatning o‘zigina mamlakatda bolalar bilan bog‘liq vaziyatning aslida qandayligini ko‘rsatib turgandek. Xususan, birgina 2023 yilning olti oyi davomida 950 nafar bola sudlangan. Ulardan 108 nafari qamalgan. Hafta davomida O‘zbekiston va xorijda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar tahlili bilan tanishing

Armaniston Putinni qamashi mumkin 

Rossiya Ozarbayjon bilan kelishmovchiliklar, Tog‘li Qorabog‘ni kuch bilan egallab olinishi va armanlarning ozar xalqiga nisbatan amalga oshirgan genotsidlari qoralanayotgan bir vaqtda to‘nini teskari kiyib, Armanistonning yonini olmay qo‘ygani, “Armanistonning o‘zi Ozarbayjon hududiy yaxlitligini tan olib bo‘lgan” degan mujmal javob bilan qutulib, Baku tomon yon bosayotganidan beri Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning jazavasi qo‘zigandan qo‘zigan. 

Cho‘kayotgan odam xasga ham yopishadi, deganlaridek shuncha vaqt stol tortmasida chang bosib yotgan Xalqaro jinoiy sudning Rim statuti tugayotgan haftada yorug‘lik ko‘rib, Armaniston Milliy Assambleyasi (parlament) tomonidan ratifikatsiya qilindi. Xo‘p, qabul qilsa qilibdi-da, shunga ota go‘ri qozixonami dersiz. Yo‘q, xulosa qilishga shoshilmang. Bu hujjatning qabul qilinishi Putin YeOII, KXSHT va MDH doirasida qadrdoni deb bilgan Armanistonga borib qolsa, qamalishini anglatadi. 

Tushunmayotgan bo‘lsangiz, bir boshidan tushuntirib beray: Rim statuti Xalqaro jinoiy sudni tashkil etgan xalqaro shartnomadir. U 1998 yilning 17 iyulida Rimda bo‘lib o‘tgan diplomatik konferensiyada qabul qilingan va 2002 yil 1 iyulda kuchga kirgan. Uni 137 davlat imzolagan va 120 dan ortiq davlat ratifikatsiya qilgan.

Sud genotsid jinoyati, insoniyatga qarshi jinoyatlar, urush jinoyatlari va tajovuz jinoyatlari kabi ishlar bo‘yicha yurisdiksiyaga ega. Istalgan davlat Rim statutining ishtirokchisiga aylangandan so‘ng, u belgilangan jinoyatlar bo‘yicha sudning yurisdiksiyasini qabul qiladi. Biroq, statutning 25-moddasiga muvofiq, Sud davlatlar ustidan emas, balki jismoniy shaxslar ustidan yurisdiksiyaga ega. Sud davlatning ichki yurisdiksiyasidan ustunlikka ega emas.

Joriy yilning 17 mart kuni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order bergandi. Rossiyaning amaldagi Prezidentiga qarshi Rossiya-Ukraina mojarosi paytida bolalarni Ukraina hududidan Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilganlik uchun ayblovlar qo‘yilgan. Shuningdek, Prezidentning bolalar huquqlari bo‘yicha komissari Mariya Lvova-Belovani ham hibsga olishga order berilgan. Endi Armaniston ushbu talabni bajarishga majbur. 

Albatta, hujjat parlamentda juda osonlik bilan qabul qilingani yo‘q.  Masalan, muxolifatdagi “Armaniston” va “Menga sharaf” fraksiyalari ushbu masalani muhokama qilishni boykot qilib, ovoz berishsiz majlisni tark etgan. Ratifikatsiya uchun 60 deputatning 20 nafari qarshi ovoz bergan.

Armaniston 1998 yilda Rim statutini imzolagan, biroq hujjat Armaniston konstitutsiyasiga zid deb topilgach, ratifikatsiya jarayoni 2004 yilda to‘xtatilgan. 2022 yil oxirida Armaniston hukumati ratifikatsiya jarayonini tiklagan.

Ha aytgancha, kun sayin Putinning qahriga uchrab borayotgan Armaniston Bosh vaziri bu hafta Ispaniyaga borib, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy uchrashib keldi. Bu shunchaki ramziy ma’noga ega deb qaralayotgan bo‘lsa-da, Armanistonning Rossiyadan uzoqlashib borayotganini Pashinyanning rafiqasi joriy yilning sentyabrida Ukrainaga kelganida va Zelenskiyning rafiqasi bilan uchrashganida ham ko‘rish mumkin.

Shu o‘rinda aytib ketay, Pashinyan Ispaniyaga tashrifi mobaynida Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjonning hududi ekanligini tasdiqlovchi rasmiy hujjatni imzoladi.

Narx oshdi, sifat-chi? 

O‘zbekistonda mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlarining chipta narxlari oshadi. Bu haqda  "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyatining o‘zi uyalmay-netmay ma’lum qildi. Narx oshishi haqidagi e’londa sifat haqida miq etilmagan. 

Bildirilishicha, 20 oktyabrdan boshlab mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 50% ga, yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" elektropoyezdlari chiptalari to‘liq narxining 100 foiziga oshiriladi. 

Narxlarning qimmatlashi shunday sabablar bilan izohlangan:

“Yo‘lovchi poyezdlar chipta narxlari so‘nggi marta 2018 yilda mahalliy yo‘nalishlarda, 2019 yilda yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" elektropoyezdida qayta ko‘rib chiqilgan bo‘lib, oxirgi 4-5 yil mobaynida tariflar o‘zgarishsiz qolib kelmoqda. 2019-2022 yillar va 2023 yilning 9 oyi davomida Respublikamizda ish haqi miqdori 2,4 barobarga, elektroenergiya va yoqilg‘i narxlarining, logistika va transport xarajatlarining sezilarli darajada oshganligi, shuningdek, yo‘lovchi vagon parklarini yangilash, yangi poyezdlarni xarid qilish, temir yo‘l vokzallarini zamon talablariga mos ravishda saqlashni hisobga olgan holda chiptalar narxiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda”.

Shuni alohida aytib o‘tish kerakki, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ keltirgan vajlarga mos ravishda poyezdlardan foydalanuvchilarning ham e’tirozlari yil sayin ortib bormoqda.

Abduqodir Mo‘minovga belgilangan jozo o‘zgartirilmadi

6 oktyabr kuni poraxo‘rlik, firibgarlik va tovlamachilikda ayblangan jurnalist va bloger Abduqodir Mo‘minovga oid jinoyat ishi bo‘yicha apellyatsiya shikoyati Toshkent shahar sudida ko‘rib chiqildi. 

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining ajrimi bilan birinchi instansiya sudining Abduqodir Mo‘minovga nisbatan chiqarilgan hukmi o‘zgarishsiz, apellyatsiya shikoyatlari esa qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Ushbu ajrim ustidan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga kassatsiya tartibida shikoyat berilishi yoki protest keltirilishi mumkinligi ma’lum qilindi.

Xo‘sh, o‘zi birinchi instansiyada Abduqodir Mo‘minovga qanday hukm chiqarilgandi? 

4 avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida Abduqodir Mo‘minovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Mo‘minovga 7 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tattirilish belgilandi.

Shuningdek, Mo‘minovdan jabrlanuvchilar foydasiga jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish belgilandi.

Urushga qarshi chiqqan jurnalist 8,5 yilga qamaldi

Rossiyaning urush boshlagan ilk kunlari yodingizdami? O‘shanda “Birinchi kanal” jurnalisti jonli efir vaqtida qo‘lida “No war. Urushni to‘xtating. Propagandaga ishonmang. Bu yerda sizni aldashmoqda. Ruslar urushga qarshi” deb yozilgan bannerni ko‘tarib chiqib, qahramonlik ko‘rsatgandi. O‘shanda “Urushni to‘xtating! Urush kerakmas!” deb baqirgan jurnalist Marina Ovsyannikovaning bu harakati dunyoda tilga tushgandi. Biroq o‘shandan buyon opaning boshidan qora bulutlar arimaydi.

Tugayotgan haftada Moskvaning Basmanniy sudi jurnalist Marina Ovsyannikovani Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari haqida yolg‘on ma’lumot tarqatishda aybdor deb topib, sirtdan 8,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Nega sirtdan? Chunki opa allaqachon vatanini tark etgan. 

Sudda Rossiya prokuraturasi Ukrainaga bosqinga qarshi norozilik bildirish uchun jonli efirni to‘xtatgan “Birinchi kanal” jurnalisti Marina Ovsyannikovani to‘qqiz yarim yillik qamoq jazosiga hukm qilishni so‘ragan. 

Sud prokuratura pozitsiyasini inobatga olib, Ovsyannikovani sakkiz yilu olti oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini umumiy rejimdagi axloq tuzatish koloniyasida o‘tashga hukm qildi, shuningdek, sud uni to‘rt yil muddatga elektron yoki axborot-telekommunikatsiya tarmoqlarining veb-saytlari, shu jumladan internet tarmog‘i bilan bog‘liq faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qildi.

Ilgari Rossiyaning “Birinchi kanal”ida ishlagan Marina Ovsyannikova o‘tgan yili uy qamog‘idan qochib, qizi bilan Rossiyani tark etganidan beri Fransiyada yashamoqda.

Ha darvoqe, bu Marina Ovsyannikovaning birinchi marta sudga tortilishi emas. U urushga qarshiligini jonli efirda ifoda etgan kunning ertasigayoq unga nisbatan sud ishi boshlandi va shu kunning o‘zida u 30 ming rubl miqdorida jarimaga tortildi.

Ikkinchi marta o‘tgan yilning iyul oyida Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish to‘g‘risidagi moddasi bo‘yicha Moskvaning Krasnoselskiy tumani deputati Ilya Yashinga nisbatan jinoyat ishini tanqid qilgani uchun 50 ming rubl miqdorida, uchinchi marta esa avgust oyida Facebook’dagi posti uchun 40 ming rubl miqdorida jarimaga tortilgan edi.

Lola Yo‘ldosheva rus tilida gapirgani uchun g‘azabga uchradi

O‘zbekistonlik taniqli xonanda Lola Yo‘ldosheva Gruziyaning Tbilisi shahrida rus tilida gapirgani uchun do‘kondagi sotuvning g‘azabiga uchradi. 

“Salom, qizlar. Biz ZARA’dan chiqdik. Do‘konlarni aylandik va sizga shuni aytmoqchimanki, bu yerda rus tilida gapirayotgan vaqtingizda ehtiyotkorroq bo‘ling. Bu yerda rus tilini qabul qilishmas ekan. Biz buni bilgandik, inobatga olgandik. Men shaxsan ularning hissiyotlarini tushunaman. Ular shu mamlakatda yashaydi. Ularda bunday huquq bor. Biz qizlar bilan o‘zbek tili yoki rus tilida gapirishga harakat qilyapmiz. Lekin barchasi chegaradan chiqib ketyapti. Biz ZARA do‘koniga kirganimizda o‘zaro rus tilida gaplashayotganimizni sotuvchi eshitib qoldi. U men bilan gaplashishni istamadi, savollarimga javob qaytarmadi. Keyin men nimadir muammo bormi yoki o‘zingizni yomon his qilyapsizmi, deb so‘radim. U “ha, men kasalman” deb javob berdi. Men bilan juda qo‘pol gaplashdi. Men unga siz ishdasiz va biz yomon hech nima qilmadik, dedim. Men bu gaplarni ingliz tilida gapirdim. Ammo u menga qo‘pollik qilishda davom etdi. Oxirida esa u narsalarni stolga uloqtirib yubordi. Shundan so‘ng men o‘zimni juda yomon his qildim va konsultant bilan urishdim. Asal meni qo‘llab-quvvatlab turdi. 

Men bu bilan aytmoqchimanki, agar boshqa mamlakatga bormoqchi bo‘lsangiz, u yerning kichik jihatlarini ham inobatga oling. Biz qizlar bilan shunday qilyapmiz: yo ingliz, yo o‘zbek tilida gapiryapmiz”, degan xonanda videoda rus tilida gapirar ekan. 

U oxir-oqibat mamlakatdagi rus tiliga bo‘lgan agressiv munosabat sabab yonida sayohatga borganlar bilan ham hatto o‘zaro ingliz va o‘zbek tillarida suhbatlashishga majbur bo‘lganini bildirgan. 

Gap rus tiliga borib taqalarkan, Rossiya Fanlar akademiyasining Primakov nomidagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis Stanislav Pritchinning tugayotgan haftada mahalliy ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusiga to‘xtalib o‘tsak.

Uning aytishicha, oxirgi vaqtlarda Rossiyaning O‘zbekistonga axborot ta’siri kamayib bormoqda. 

“Rossiyaning O‘zbekistonga axborot ta’siri kamayib borayotgani haqiqat bo‘lib qolmoqda. Dastlab yagona axborot va til makoniga ega bo‘lganimizga qaramay, bugun Toshkent o‘z trayektoriyasi bo‘ylab harakatlanmoqda. O‘zbek tilining lotinlashuvi 1990-yillarda sodir bo‘lgan. Bu aholining rus tilini bilish darajasiga ta’sir qildi. Toshkent va yirik shaharlarda rus tili keksalar o‘rtasida hamon muhim muloqot tili bo‘lib qolmoqda. Ammo viloyatlardagi yoshlar va aholi uni o‘rganishni ustuvor vazifa deb bilmaydi. Qoraqalpog‘iston yoki Farg‘ona vodiysidagi yoshlar va kattalar bilan muloqotda bo‘lgan tajribamdan shuni aytishim mumkinki, u yerdagilar har doim ham rus tilida gaplashavermaydi”, deydi ekspert

Uning aytishicha, Rossiyada ishlayotgan o‘zbek mehnat muhojirlari qirg‘izlarga nisbatan raqobatbardosh emas, chunki ular rus tilini ancha yaxshi bilishadi, chunki Qirg‘izistonda bu til rasmiy maqomga ega va keng tarqalgan, jumladan, ta’lim sohasida ham qo‘llaniladi. O‘zbekistonda esa rus tilini o‘rganishga ustuvor ahamiyat berilmagan.

Stanislav Pritchinning bu boradagi fikrlari yaqin orada Qozog‘istonga ham tegishli bo‘lib qolsa, ajabmas. Hatto, davlat amaldorlari katta yig‘inlar, televideniye orqali murojaatlarda qozoq tilidan foydalanish o‘rniga, rus tilini afzal bilayotganini ko‘p ko‘ramiz. Shunday vaziyatda Qozog‘iston qozoq tilidagi tele va radioeshittirishlar ulushini bosqichma-bosqich 50 foizdan 70 foizga oshirish niyatida. Bunday o‘tish bosqichma-bosqich bo‘lib, 2025 yildan boshlab har yili 5 foizga oshadi.

Pritchin nima deyishidan qat’i nazar, Moksvaning O‘zbekistonda rus tilini o‘qitish bo‘yicha o‘z rejalari bor. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz. 

“Svet”ni qancha ko‘p ishlatsangiz, shuncha ko‘p to‘laysiz

Boya “O‘zbekiston temir yo‘llari” barcha qatnovlar uchun poyezd chiptalari narxini oshirayotgani haqidagi xabardan boshingiz biroz gangigan bo‘lsa, endi yiqilib, biror dardni orttirib olmaslik uchun o‘tirib oling. Har holda galdagi xabar poyezdda yursa yurmaydigan hammaga tegishli.

Joriy yilning 1 noyabridan e’tiboran elektr energiyasi uchun “ijtimoiy norma” joriy qilinadi. Unga ko‘ra, elektr energiyasini belgilangan limitdan ko‘p ishlatgan xaridorlar bir necha baravar ko‘proq haq to‘laydi. 

Ya’ni, elektr energiyasining quvvati o‘rtacha oylik iste’mol miqdoridan oshib ketgan III guruh iste’molchilariga:

•    1 001 dan 5 000 kVt soatgacha iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 2 baravar;

•    5 001 dan 10 000 kVt soatgacha iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 3 baravar;

•    10 000 kVt soatdan yuqori iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 4 baravar o‘suvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.

Bu bo‘yicha o‘zgarishlar Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 15 iyuldagi 245-sonli qarori bilan tasdiqlangan va 1 noyabrdan kuchga kiradi.

Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, to‘lov miqdoriga o‘suvchan koeffitsiyent aholi iste’molchilarining 98 foiziga mutlaqo ta’sir qilmaydi. 

Bildirilishicha, O‘zbekistondagi 7 million 589 mingdan ziyod abonentning atigi 146 mingdan ortig‘i 1000 kilovatt/soatdan, 10 ming nafarigina oyiga 5 ming kilovatt/soatda, bor-yo‘g‘i, 4 mingdan ortiq iste’molchi esa oyiga 10 ming kilovatt/soatdan ziyod elektr energiyasi iste’mol qiladi.

Alisher Usmonovning mol-mulki musodara qilindi 

Tugayotgan haftada Germaniya politsiyasi va bojxona xodimlari Myunxen va Tegernze shaharlarida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi sababli Yevropa sanksiyalari ostida qolgan milliarder Alisher Usmonovga tegishli bo‘lgan bir qancha mulklarni tintuv qildi. 

Germaniya bojxona organlari tomonidan sanksiyalar bo‘yicha tuzilgan “Matryoshka” maxsus komissiyasi tintuvlar sud qarori asosida o‘tkazilganini ma’lum qilgan. Germaniya rasmiylari rossiyalikning ismini oshkor qilmagan bo‘lsa-da, ommaviy axborot vositalarining aniqlik kiritishicha, gap asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov haqida ketmoqda. 

Uydan qimmatbaho buyumlar, jumladan, Mercedes Maybach S500 kabi hashamatli avtomobillari musodara qilingan.

“Germaniya huquq-tartibot idoralarining Alisher Usmonovga nisbatan xatti-harakatlari katta hayrat va sharmandalik hissini uyg‘otadi. Usmonov vakillari tintuvlar unga tegishli ob’ektlarda o‘tkazilganini inkor etmoqda. Milliarder o‘zi asos solgan trest aktivlari ustidan nazorat qilish huquqiga ega emas va trestga tegishli mol-mulk bilan hozir nima bo‘layotganini bila olmaydi”, deb bayonot berdi Alisher Usmonovning matbuot xizmati.

Xalqaro qidiruvdagi o‘zbekistonlik “qo‘shmachi” qo‘lga olindi

Odam savdosi jinoyatida gumonlanib, xalqaro qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol Maskatdan Toshkentga olib kelindi. Bu haqda Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Ummon sultonligi tomonidan odam savdosi jinoyatini sodir etganligi uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi IIV Interpol Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirilgan.

Qidiruvdagi ayol 2022 yilda bir guruh shaxslar bilan jinoiy til biriktirib, BAA va Ummonda yaxshi maoshli ish va go‘zal hayotni va’da qilib, qizlarni chet elga olib ketgan va u yerda sheriklari bilan jabrlanuvchilarning pasportlarini olib qo‘yib, ularni fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlagan.

“Vor v zakon”“Kolya qirg‘iz” o‘ldirildi

“Kolya Qirg‘iz” nomi bilan tanilgan qirg‘izistonlik kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev Bishkekda o‘ldirildi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda uyushgan jinoiy guruhlarning faol a’zolari va ularning yetakchilariga nisbatan tadbirkorlar mulkini o‘ta yirik hajmda noqonuniy tortib olish bo‘yicha bir necha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Qamchibek Ko‘lboyev "Doo" laqabli Chingiz Jumagulovning o‘ldirilishida ishtirok etganlikda gumon qilingan edi.

4 oktyabr kuni “Kolya Qirg‘iz”ning qayerdaligi aniqlangan. Uni qo‘lga olish uchun borgan Milliy xavfsizlik xodimlariga qurolli qarshilik ko‘rsatilgan.

 “Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlarining hayoti va sog‘lig‘iga o‘qotar qurollar bilan tajovuz qilgan Qamchibek Ko‘lboyevga javob o‘qi uzilgan. Mazkur holat yuzasidan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining “uyushgan jinoiy guruh tuzish”, “qonunga xilof qurol savdosi”, “o‘ldirishga urinish” moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tezkor tergov harakatlari olib borilmoqda, shifokorlar Qamchibek Qo‘lboyev olgan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etganini tasdiqladi. MXDQ xodimlari va tinch aholi vakillaridan jabrlanganlar va jarohatlanganlar yo‘q”, deyiladi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bayonotida.

Kolya Qirg‘iz MDHda tilga tushgan“vor v zakon”, ya’ni qonundagi o‘g‘rilardan biri. U narkotik biznesi, qurol-yarog‘ savdosi, tovlamachilik, qora ko‘chmas mulk, talonchilik, avtomashina o‘g‘irlash, banditizm, pul yuvish, davlat mulkini o‘g‘irlash va buyurtma asosida qotillik qilish  bilan shug‘ullangan. U Qirg‘izistondagi millionerlardan biri edi.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari mazkur masalada so‘z ochib, jinoyat olami nisbatan kurash davom etishini aytdi. 

Taksi haydovchisi o‘ldirilib, mashinasi yoqib yuborildi

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida Matiz taksi haydovchisi o‘ldirilib, avtomobili yoqib yuborilganligi haqida xabar tarqaldi. 

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, holat 4 oktyabr kuni sodir bo‘lgan. Soat tungi 1:30 da Yangiyo‘l tumani IIBga ushbu holat bo‘yicha ma’lumot kelib tushgan. So‘ng Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Ayni vaqtda malakali xodimlardan iborat tezkor-tergov guruhi tomonidan jinoyatni fosh etish choralari ko‘rilayotgani ma’lum qilindi.

Tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Matiz boshqaruvida 24 yoshli yigit bo‘lgan.

Putinning tug‘ilgan kunida hotamtoyligi tutdi

O‘zbekiston har yili Rossiyadan 2,8 milliard kub metr gaz sotib oladigan bo‘lyapti. Xabaringiz bor, shu kecha kunduzda, 5-7 oktyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasiga tashrif buyurdi. Tashrifni Tataristonning Qozon shahridan boshlagan Prezident Mirziyoyev 6 oktyabr kuni Moskvaga keldi va mavqedoshi Vladimir Putin bilan uchrashdi. 

Uchrashuvda Putin O‘zbekiston bilan savdo munosabatlariga to‘xtalib, Moskva Toshkentning ishonchli savdo hamkorlari orasida birinchi o‘rinni egallayotganini aytdi. Gapini asoslashga ham urindi. Uning faktlarga tayanishicha, O‘zbekistonda Rossiya ishtirokidagi 3 mingta tashkilot, Rossiyada esa 700 ta o‘zbek kompaniyasi mavjud.

Ammo ushbu uchrashuvda 71 yoshni qarshilagan Putin qovun tushirdi. Shavkat Mirziyoyevga Rossiya bilan munosabatlarni rivojlantirishdagi shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirayotib, O‘zbekiston nomini Dog‘iston bilan adashtirib yubordi. 

Bu Putinning birinchi marta adashishi emas. Avval ham, jumladan, O‘zbekistonga nisbatan bunday adashishlar uchragan. 

Uchrashuvlardan so‘ng Prezidentlar 11 ta hujjatni imzoladi, qo‘shma bayonot qabul qildi. Vladimir Putinning fikricha, qo‘shma bayonot ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, savdo va sarmoyaviy, shuningdek, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka qo‘shimcha turtki beradi. 

Hujjatda keltirilishicha, ikki mamakat o‘rtasida mudofaa sohasida o‘zaro hamkorlikni, harbiy-texnik sohadagi hamkorlikni amaldagi va kelajakdagi kelishuvlar asosida rivojlantirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

Bayonotda xalqaro munosabatlarda suveren davlatlarda hokimiyatning konstitutsiyaga zid ravishda o‘zgarishini qo‘llab-quvvatlashga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan harakatlar, shu bilan birga, uchinchi kuchlarning siyosiy va iqtisodiy bosim o‘tkazish maqsadida ikkitomonlama va mintaqa ichidagi ishlarga aralashishga urinishlari qabul qilinishi mumkin emasligi ta’kidlangan.

Uchrashuvdan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyevning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston va Rossiya o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun ijtimoiy kafolatlar to‘g‘risidagi bitimni tayyorlashni tezlashtirishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekistonning tegishli idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda xorijda doimiy asosda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni 2 million kishidan oshadi, ularning 60 foizdan ortig‘i Rossiya Federatsiyasida mehnat qiladi. Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili mehnat muhojirlari o‘z vatanlariga 20 milliard dollarga yaqin pul o‘tkazgan, O‘zbekistonga o‘tkazmalarning 80 foizdan ortig‘i Rossiyadan kelgan.

Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis Stanislav Pritchinga ko‘ra, O‘zbekistonning iqtisodiy jihatdan rivojlanishi Rossiyaga mehnat muhojirlari sonining kamayishiga olib kelmaydi, aksincha, buyog‘iga Rossiyada o‘zbekistonlik migrantlar ko‘paysa ko‘payadiki, kamaymaydi. 

“Bu Rossiyaga migratsiya oqimiga jiddiy ta’sir qiladi, deb o‘ylamayman. Aholi soni bo‘yicha O‘zbekiston shu qadar tez o‘sib bormoqdaki, ichki muhojirlar yetarli, xorijga ishlash uchun borish zarurati yuqoriligicha qolmoqda. Shunday ekan, O‘zbekistonning rivojlanishi Rossiyaga bo‘layotgan hozirgi migratsiya jarayonlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmasligi kerak”, deydi Stanislav Pritchin. 

Boyaroq Pritchin O‘zbekistonda rus tilida so‘zlashuvchilar kamayib borayotgani haqida gapirganini aytgandim. Putin va Mirziyoyev imzolagan qo‘shma bayonotga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekiston respublikada rus tilini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirishda davom etadi. Bu borada qo‘shma bayonotda shunday deyilgan:

“Tomonlar Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasining milliy tillarini hurmat qilgan holda hamda ularning ta’lim va tarbiya jarayonlaridagi muhim rolini e’tirof etgan holda, O‘zbekiston respublikasida rus tilini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma gumanitar dasturlarni amalga oshirishni davom ettirish niyatlarini tasdiqlaydilar”.

Xo‘sh, mana endi yetib keldik yana gaz masalasiga. Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari Vladimir Putin 71 yoshni qarshilagan 7 oktyabr kuni Rossiya gazi Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berishni boshlash marosimida ishtirok etdi. 

Putinning ta’kidlashicha, Rossiyada ishlab chiqarilgan gaz ilgari hech qachon Rossiya Federatsiyasidan Markaziy Osiyoga yuborilmagan. Rossiyadan yoqilg‘i O‘zbekistonga Qozog‘istondan tranzit orqali keladi. Uning bir qismi Qozog‘istonga yetkazib beriladi. Rossiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu butun mintaqaning energiya xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan o‘zaro manfaatli loyihadir. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyida “Gazprom” va O‘zbekiston Energetika vazirligi o‘rtasida Rossiya gazini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma hamda mamlakat gaz transport tizimini uni qabul qilish va tashishga tayyorlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolangan edi. Bundan tashqari, Gazprom va QazaqGaz Rossiya gazini Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekiston iste’molchilari uchun tashish bo‘yicha shartnoma tuzdi. 

Ha aytgancha, Pritchinning fikricha, 2016 yilgacha Rossiya-O‘zbekiston munosabatlarida asosiy cheklovchi omil Islom Karimovning siyosati va Toshkentning yakkalanib qolishi bo‘lgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made